Lison ut-tayr
From Wikipedia, the free encyclopedia
Lison ut-tayr (arab. – „Qush tili“) – Alisher Navoiyning dostoni, oʻzbek mumtoz adabiyoti va oʻzbek adabiy tilining muhim yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Asar 1498 – 99-yillarda fors shoiri Farididdin Attorning „Mantiq ut-tayr“ asari taʼsirida yozilgan. Navoiy asar syujeti va bosh gʻoya xususida Attorga izdoshlik qilgan. „Lison ut-tayr“ – falsafiy doston boʻlib, shoir unda majoziy obrazlar, qahramonlarning sarguzashtlari orqali tasavvuriy gʻoyalarini ifodalagan. Navoiy asarda Xudo tashqarida emas, sening oʻzingda, degan fikrni olgʻa suradi. Shu yoʻsinda insonni ulugʻlaydi, uning kamolotga erishish yoʻlini yuksak sheʼriy mahorat bilan bayon etadi. Asarning barcha gʻoyasi odamning tarbiyasini koʻrsatishga qaratilgan.
„Lison ut-tayr“ dostoni 3598 baytdan (176 kichik bobdan) iborat boʻlib, aruz vaznining ramali musaddasi maqsur (foilotun – foilotun – foilon) vaznida yozilgan. Asardagi boblar alohida epizodlardan, savol-javoblardan, kichik hajmli hikoya va masallardan tashkil topgan. Asardagi hikoyalarda Navoiy buyuk hikoyanavis sifatida koʻzga tashlanadi. "Lison ut-tayr " Alisher Navoiyning 20 jildli Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)dan oʻrin olgan.