Oʻlim jazosi
From Wikipedia, the free encyclopedia
Oʻlim jazosi — sud tomonidan qotillik deb ataladigan amaldagi yoki taxmin qilingan jinoyat uchun jazo sifatida shaxsni qasddan oʻldirish boʻyicha davlat tomonidan tasdiqlangan oliy jinoiy jazo chorasi. Jinoyatchini shunday tarzda jazolashni buyurgan hukm oʻlim hukmi, hukmni bajarish harakati esa qatl deb nomlanadi.
Oʻlim jazosi bilan jazolanadigan jinoyatlarga odatda qotillik, ommaviy qotillik, zoʻrlashning ogʻirlashtirilgan holatlari (koʻpincha bolalarni oʻz ichiga oladi) kabi shaxsga qarshi ogʻir jinoyatlar; jinsiy zoʻravonlik, terrorizm, samolyotlarni oʻgʻirlash, urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsid, shuningdek, davlat toʻntarishiga urinish, davlatga xiyonat kabi davlatga qarshi jinoyatlar; josuslik, fitna va qaroqchilik kabilarni oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, ayrim hollarda, giyohvand moddalar savdosi va giyohvand moddalarni saqlashdan tashqari, takroran jinoyat sodir etish, ogʻirlashtirilgan talonchilik va odam oʻgʻirlash kabi jinoyatlar ham jiddiy jinoyat hisoblanadi.
Jazoning favqulodda turi sifatida faqat alohida ogʻir, inson hayotiga qasd qiladigan jinoyatlar uchun belgilanishi mumkin.
Shoʻrolar davrida sud hukmi va maʼmuriy tuzilmalarning qarorlari, hatto „oliy rahbariyatning roziligi“ bilan aksilinqilobiy faoliyatlari uchun 800 mingga yaqin hur fikrli aybsiz odamlar otib tashlangan edi.
Etimologik nuqtai nazardan, kapital atamasi (lotincha kapitalis orqali caput, „bosh“ soʻzidan olingan)[1] boshni tanadan judo qilish yoʻli bilan qatl qilishni anglatadi, ammo qatl qilish koʻplab usullar bilan amalga oshiriladi. Jumladan, osib qoʻyish, otish, oʻlimga olib keladigan ineksiya, toshboʻron qilish, elektr toki urishi va zaharli gazdan foydalanish.
Oʻlim jazosi hozirda 58 mamlakatda bekor qilingan, 31 davlat qonunida koʻzda tutilgan boʻlsada, keyingi 15 yil davomida ularning aksariyatida hech kim bu jazoga hukm qilinmagan. Oʻlim jazosi 77 mamlakatda, shu jumladan, Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaponiya va AQShning 38 shtatida qoʻllanmoqda. Pokiston, Kongo, Nigeriya va Yamanda voyaga yetmaganlar ham Oʻlim jazosiga hukm etilishi mumkin.