Bolalar nikohi
From Wikipedia, the free encyclopedia
Bolalar nikohi — UNICEF taʼrifiga koʻra, 18 yoshga toʻlmagan shaxs bilan rasmiy yoki norasmiy nikohdir[1]. AQSh Sogʻliqni saqlash departamenti[2] va baʼzi tadqiqotchilar bolalar nikohi voyaga yetmaganlarning va ularning sud qarori bilan oʻsmirlikdagi homiladorlik davridagi nikohini oʻz ichiga oladi deya taʼkidlaydi[3].
Shu bilan birga, turli madaniyat va dinlarda, turli xalqlar hamda turli davrlar orasida qanday turdagi nikohni juda erta deb hisoblash kerakligi va nima uchun bunday ekanligi haqida har xil fikrlarni topish mumkin[⇨]. Koʻp asrlar davomida, zamonaviy gʻoyalarga koʻra, erta nikohlar juda keng tarqalgan boʻlib, din, qonunlar va urf-odatlar tomonidan ruxsat etilgan[⇨]. Birinchidan, hozirda ayrim mamlakatlar va mintaqalarda nikoh uchun eng kam qonuniy yosh 18 yoshdan kam; ikkinchidan, boshqalarda 18 yoshga toʻlgunga qadar nikoh qurishga ota-onaning roziligi bilan, homiladorlik yoki boshqa alohida holatlarda ruxsat etiladi; uchinchidan, madaniy anʼanalar va diniy institutlar rasmiy huquqiy normalardan ustunroq va kuchliroq boʻlishi mumkin[4].
XX asr oxiri — XXI asr boshlarida eng koʻp miqdordagi bola nikohlari qashshoq mamlakatlarda va kam taʼminlangan oilalarda sodir boʻlgan[⇨]. Eng soʻnggi mavjud maʼlumotlarga koʻra, bolalar nikohi Afrika[5][6], Janubiy[7], Janubi-Sharqiy[8][9] va Gʻarbiy Osiyo[10][11], Okeaniya va Lotin Amerikasi[10] qismlarida keng tarqalgan[12]. Aksariyat joylarda bolalar nikohi muttasil kamayib bormoqda, baʼzi hududlarda esa juda yuqoriligicha qolmoqda — 60 % dan ortiq bu turdagi nikoh Niger, Chad, Mali, Bangladesh, Gvineya va Markaziy Afrika Respublikasida kuzatiladi. Eng erta nikohlar Niger, Chad, Bangladesh, Mali va Efiopiyada ommaviy ravishda belgilangan — 20 % dan ortiq nikohlar 15 yoshgacha boʻlgan bolalarda kuzatilgan (2003—2009-yillardagi tadqiqotlarga koʻra)[13][14].
Yosh turmush qurishning sabablariga qashshoqlik, kelin bahosi va sarpo yigʻish odatlari, mahalliy madaniy anʼanalar, erta turmush qurishga ruxsat beruvchi qonunlar, diniy va ijtimoiy tazyiqlar, diniy qoidalar, katta yoshda turmushga chiqolmay/uylanolmay qolishlik qoʻrquvi, savodsizlik, ayollarni haq toʻlanadigan ish bilan taʼminlay olmaslik kiradi[15][16].
Oʻgʻil bolalar ham, qizlar ham erta yoshda turmush quradilar[⇨], lekin ularning aksariyatini ogʻir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga tushib qolgan oilalardagi qizaloq kelinlar tashkil qiladi[17].