Tata Steel shaxmat musobaqasi
From Wikipedia, the free encyclopedia
Tata Steel shaxmat musobaqasi — har yili yanvar oyida Niderlandiyaning Wijk aan Zee shahrida oʻtkaziladigan shaxmat turniri. Musobaqa 1938-yilda tashkil etilganida Hoogovens turniri deb nomlangan. Ushbu nom musobaqa homiysi Koninklijke Hoogovens sharafiga qoʻyilgan. 1999-yilda British Steel kompaniyasi Corus Group bilan birlashganidan soʻng musobaqaning asosiy homiysiga aylandi. Musobaqa esa Corus shaxmat turniri deb nomlangan. Corus Group 2007-yilda rebrending qilib oʻz nomini Tata Steel Europega aylantirdi. Nomi oʻzgarganiga qaramay, musobaqa ketma-ket raqamlanib borilgan. Masalan, 2011-yilgi bahslar 73-Tata Steel shaxmat turniri deb nomlandi[1][2].
Turnirda eng yaxshi grossmeysterlar ishtirok etishadi, shuningdek, oddiy klub oʻyinchilari ham oʻynashlari mumkin. Davra tizimida oʻtkaziladigan turnirda dunyoning eng yaxshi oʻn toʻrtta shaxmatchilari oʻzaro toʻqnash keladi. Ushbu toʻqnashuvlar shaxmatdagi „Wimbledon“ sifatida taʼriflanadi[3][4]. 1938-yildan beri Max Euwe, Bent Larsen, Tigran Petrosyan, Paul Keres, Lajos Portisch, Boris Spasskiy, Mixail Botvinnik, Mixail Tal, Viktor Korchnoy, Jan Timman, Anatoliy Karpov, Vasyl Ivanchuk, Vladimir Kramnik, Garri Kasparov, Viswanathan Anand, Veselin Topalov, Levon Aronian, Sergey Karyakin va Magnus Carlsen kabi taniqli shaxmatchilar gʻolib boʻlishgan. 1938-yildagi birinchi turnirdan beri shaxmat boʻyicha toʻqqizta jahon chempionidan faqat uchtasi — Aleksandr Alyoxin, Vasiliy Smislov va Bobby Fischer gʻalaba qozona olmagan. 2001-yilgi Tata Steel shaxmat musobaqasida dunyoning eng yaxshi oʻnta oʻyinchisidan toʻqqiztasi ishtirok etgan.
Magnus Carlsen turnirda eng koʻp gʻalaba qozonish boʻyicha rekordchi boʻlib, sakkiz marta ushbu unvonga ega chiqqan. Viswanathan Anand musobaqa davomida ketma-ket besh va undan koʻp marta gʻalaba qozongan yagona oʻyinchi (7 — 1998-yildan 2004-yilgacha).