Sabao
unvon / From Wikipedia, the free encyclopedia
Sabao (xitoycha: 薩保, Sàbǎo, „himoyachi, qoʻriqchi“) — milodiy V—VII asrlarda soʻgʻd savdogar-muhojirlar jamolari yetakchilariga Xitoy tomonidan berilgan rasmiy unvon[1]. „Sabao“ soʻzi soʻgʻdcha „s’rtp’w“ (sartpav, sartapao)[2] soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, „sarbon“, „karvonboshi“ degan maʼnolarni bildiradi[1]. Shuningdek, Sabaolar Xitoy maʼmuriyatida mintaqa boʻyicha masʼul mansab hisoblangan „prefekt“ unvoniga ega ham boʻlishgan. Misol uchun, Sabao An Jia Tong prefekturasining buyuk gubernatori (xitoycha: 大都督, Dàdūdū) ham boʻlgan. Asta-sekinlik bilan sabaolar markaziy hokimiyatda ham oʻrin egallay boshlashadi, keyinchalik sabaolar uchun ish yuritish idorasi (kanselyariya) tashkil qilinadi. Idora tarkibiga otashparasatlikning kohini, azayimxon, idora boshligʻining yordamchisi, harbiy attashe, qoʻmondon, mirza (kotib) kirgan. Idora soʻgʻdliklarning maʼmuriy va diniy masalalarini hal qilgan[3]. Umumiy nazoratni sabao olib borgan.
Sabaolar Xitoyda tijorat bilan shugʻullanuvchi Oʻrta Osiyodan boʻlgan savdogarlarining savdo ishlarini, shuningdek, zardushtiylik diniga oid ishlarni boshqarib turishgan. Bunday munosabatlar haqidagi maʼlumotlar An Jia, Virkak, Yu Hong maqbaralaridagi epitafiyalarda (qabr toshiga bitilgan bitiklar) uchraydi[4][5]. Maqbaralarda soʻgʻdliklarning hayoti, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlari, ov sahnalari, sanʼatiga oid tasvirlar ham uchraydi. Shuningdek, maqbaralarda soʻgʻdliklarning dehqonchilik (uzumchilik va sharobchilikdan tashqari) bilan shugʻullanganliklari haqida tasvirlar mavjud emas, bu esa soʻgʻdliklarning asosiy faoliyati savdo-sotiq boʻlganidan dalolat beradi[6].
Sabaolarning maqbaralari ulugʻvorligi va hashamatligi jihatidan oʻsha davrdagi Xitoyda imperator maqbaralaridan keyingi oʻrinda turgan. Bu esa Sabaolar aholining eng boy vakillaridan biri boʻlganligni tasdiqlaydi[7].