Havoning ifloslanishi

From Wikipedia, the free encyclopedia

Havoning ifloslanishi
Remove ads

Havoning ifloslanishi — atmosferada odamlar va boshqa tirik mavjudotlar sogʻligʻiga hamda iqlimga zarar yetkazuvchi moddalarning mavjudligi sababli kelib chiqqan ifloslanish[1]. Gazlar (shu jumladan ammiak, karbon monoksit, oltingugurt dioksidi, azot oksidi, metan, karbonat angidrid va xlorftorokarbonlar, qattiq zarralar (organik va anorganik) va biologik molekulalar kabi havoni ifloslantiruvchi moddalarning har xil turlari mavjud. Havoning ifloslanishi odamlarni kasalliklarga yoʻliqtirishi, ularda allergiyalarni paydo qilishi va hatto oʻlimga olib kelishi mumkin; u hayvonlar va oziq-ovqat ekinlari kabi boshqa tirik organizmlarga hamda tabiiy muhitga (masalan, iqlim o'zgarishi, ozon qatlamining yemirilishi yoki yashash muhitining buzilishi) yoki atrof-muhitga (masalan, kislotali yomg'ir orqali) zarar yetkazishi mumkin[2]. Atmosferaning ifloslanishiga inson faoliyati ham, tabiat hodisalari ham sabab boʻla oladi[3].

Thumb
Kokslangan pech tutuni orqali havoning ifloslanishi
Thumb
2016-havo sifati koʻrsatkichi — ochiq ranglar havo sifati pastligini va havoning yuqori ifloslanganligini koʻrsatadi.
Thumb
Har 100 000 aholiga havo ifloslanishi oqibatidagi oʻlim (IHME, 2019)

Havoning ifloslanishi nafas olish yoʻllari infeksiyalari, yurak kasalliklari, KOAH, insult va oʻpka saratoni kabi ifloslanish bilan bogʻliq bir qator kasalliklar uchun muhim xavf omilidir[4]. Mavjud muammo borasida olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, havo ifloslanishi IQ koʻrsatkichlarining pasayishi, idrokning buzilishi[5], ruhiy tushkunlik[6] va perinatal salomatlikka zarar yetkazish kabi psixiatrik kasalliklar xavfining oshishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin[7]. Havoning yomon sifati inson salomatligiga taʼsiri juda keng boʻlib, asosan tananing nafas olish tizimi va yurak-qon tomir tizimiga taʼsir qiladi.

Faqat qazib olinadigan yoqilgʻidan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan tashqi havo ifloslanishi har yili 3,61 million kishining oʻlimiga sabab boʻladi, bu antropogen ozon va PM2,5 bilan birga (2,1 million) inson oʻlimiga eng koʻp hissa qoʻshuvchilardan[8] biriga aylangan[9][10]. Havoning sifati odatda havodagi PM2,5 zarralari konsentratsiyasi bilan oʻlchanadi, bu odatda diametri 2,5 mikrometr yoki undan kichik boʻlgan, nafas bilan yutiladigan mayda zarralarni tavsiflaydi. JSST standart meʼyori — 10 mkg/m3 ni tashkil qiladi[11].

Umuman olganda, har yili dunyo boʻylab 7 mln kishi havoning ifloslanishi oqibatida vafot etadi yoki oʻrtacha umr koʻrish davomiyligining qisqarishiga (2,9 yil) sabab boʻladi va bu kamida 2015-yildan buyon sezilarli progressga erishmagan dunyodagi eng katta ekologik xavf hisoblanadi[12][13][14]. Ichki havoning ifloslanishi va shahar havosining yomon sifati dunyodagi eng zaharli ifloslanish muammolaridan ikkitasi sifatida Blacksmith Instituti tomonidan 2008-yildagi dunyoning eng ifloslangan joylari hisobotida qayd etilgan[15]. Atmosfera ifloslanishi inqirozining koʻlami juda katta: dunyo aholisining 90 foizi maʼlum darajada toza boʻlmagan havodan nafas oladi. Sogʻliq uchun yomon oqibatlari keng boʻlsa-da, muammoni hal qilish usuli asosan tasodifiy[16][17] yoki eʼtibordan chetda qolgan[14].

Havoning ifloslanishi natijasida hosildorlikning yoʻqolishi va hayot sifatining yomonlashishi jahon iqtisodiyotiga yiliga 5 trillion dollarga tushadi[18][19]. Havo siatining yomonlashuvini kamaytirish uchun ifloslanishlarni turli xil nazorat qilish texnologiyalari va strategiyalari mavjud[20]. Atmosfera ifloslanishining salbiy oqibatlarini cheklash uchun bir qancha xalqaro va milliy qonunchilik hamda meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilgan[21]. Mahalliy qoidalar toʻgʻri bajarilganda, sog'liqni saqlash sohasida sezilarli yutuqlarga erishilgan[22]. Ushbu saʼy-harakatlarning baʼzilari jumladan, ozonosferani buzuvchi zararli kimyoviy moddalarning chiqarilishini ozaytiradigan Monreal protokoli[23] va oltingugurt emissiyasini kamaytiradigan 1985-yildagi Helsinki protokoli xalqaro darajada muvaffaqiyatli boʻlib[24][25], iqlim o'zgarishi bo'yicha xalqaro harakatlar[26][27][28] bundan mustasno.

Remove ads

Atmosferani ifloslantiruvchi manbalar

Antropogen (inson tomonidan yaratilgan) omillar

Thumb
Aviatsiya havo ifloslanishining asosiy manbai hisoblanadi.
Thumb
Bahorgi ekishga tayyorgarlik koʻrish paytida Jorjiya shtatining Statesboro shahridan tashqarida dala nazorat ostida yondirilgan
Thumb
Ganada ochiq olovda baliq pishirish, 2018-yil

Bular asosan yoqilgʻining yonishi bilan bogʻliq.

  • Statsionar manbalarga quyidagilar kiradi:
    • qazilma yoqilg'i elektr stansiyalari va biomassa elektr stansiyalari; ikkalasida ham tutun qatlamlari mavjud (misol uchun koʻmir sanoatining atrof-muhitga taʼsiriga qaran[29])
      • Metan sizib chiqadigan neft va gaz hududlari[30][31]
    • yog'och, ekin chiqindilari va goʻng kabi biomassani anʼanaviy yoqish. (Rivojlanayotgan va kambagʻal mamlakatlarda biomassani anʼanaviy yoqish havoni ifloslantiruvchi moddalarning asosiy manbai hisoblanadi[32][33]. Shuningdek, u Buyuk Britaniya va Yangi Janubiy Wales kabi rivojlangan hududlarda zarralar bilan ifloslanishning bosh omili hisoblanadi[34][35]. Uning ifloslantiruvchi moddalariga PAU kiradi)
    • ishlab chiqarish ob』ektlari (zavodlar)[36]
      • 2014-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, Xitoyda asbob-uskunalar, mashinalar va qurilmalar ishlab chiqarish va qurilish sohalari havoni ifloslantiruvchi moddalar emissiyasining 50 % dan ortigʻiga hissa qoʻshgan[37].[yaxshiroq manba kerak] Bu yuqori emissiya intensivligi va uning sanoat tuzilishidagi yuqori emissiya omillari bilan bogʻliq[38].
    • chiqindilarni yoqish (yoqish pechlari, shuningdek, qattiq yer usti chiqindilarining toʻrtdan bir qismini tashkil etuvchi nazoratsiz chiqindilarni ochiq va noqonuniy yoqishlar[39][40])
    • pechlar va boshqa turdagi yoqilgʻi bilan ishlaydigan isitish moslamalari[41].
  • Mobil manbalarga avtotransport vositalari, poyezdlar (xususan, teplovozlar va dizel-poyezdlar), dengiz kemalari va samolyotlar[42], shuningdek, raketalar hamda fazo chiqindilari kiradi[43]. Avtoulovlar tufayli havo ifloslanishiga tashqi havoga chiqariladigan gazlar va avtoulov shinalari (shu jumladan mikroplastmassalar[44]) kiradi. Maʼlumotlarga koʻra, avtoulov „AQSh havo ifloslanishining taxminan uchdan bir qismiga sabab boʻladi「[45][46][47]
  • Nazorat ostidagi yoqishdan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi va oʻrmonlarni boshqarish strategiyalari. Amazonka kabi oʻrmonlarda koʻp miqdorda kesish va yoqish kabi amaliyotlar o'rmonlarning kesilishi bilan havoning katta ifloslanishiga olib keladi.[48] Nazorat ostida yoki belgilangan yondirish — bu oʻrmonlarni boshqarish, qishloq xoʻjaligi, dashtlarni tiklash va issiqxona gazlarini kamaytirishda qoʻllaniladigan amaliyotdir.[49] Oʻrmonchilar boshqariladigan olovdan vosita sifatida foydalanishlari mumkin, chunki yongʻin oʻrmon va oʻtloq ekologiyasining tabiiy xususiyatidir.[50][51] Nazorat ostida yonish baʼzi kerakli oʻrmon daraxtlarining oʻsishini koʻpaytiradi, natijada oʻrmon yangilanadi.[52]

Yonishdan tashqari jarayonlarning boshqa omillar ham mavjud:

  • Boʻyoq, soch purkagich, lak, aerozol purkagich va boshqa erituvchilarning bugʻlari. 2010-yillarda Los-Anjeles havzasidagi organik birikmalar ifloslanishining deyarli yarmini ushbu omillardan hosil boʻluvchi chiqindilar tashkil etgani taxmin qilingan.[53]
  • Chiqindilarni poligonlarga joylashtirish metan hosil qiladi.[54]
  • Yadro qurollari, zaharli gazlar, mikroblar va raketa qurollari harbiy resurslarga misoldir.[55]
  • Qishloq xoʻjaligi chiqindilari va goʻsht yetishtirish yoki chorvachilikdan chiqadigan chiqindilar havoning ifloslanishiga katta hissa qoʻshadi.[56][57]
    • Urugʻlangan qishloq xoʻjaligi yerlari azot oksidlarining asosiy manbai boʻlishi mumkin.[58]
Thumb
1935-yilda Stratfordga (Texas) yaqinlashib kelayotgan chang boʻroni

Tabiiy omillar

  • Chang, odatda oʻsimliklari kam boʻlgan yoki oʻsimliksiz katta hududlar
  • Hayvonlar, masalan, qoramollar tomonidan oziq-ovqat hazm qilish natijasida chiqariladigan metan
  • Yer qobigʻidagi radioaktiv parchalanishdan kelib chiqqan radon gazi. Radon rangsiz, hidsiz, tabiiy ravishda paydo boʻluvchi, radiyning parchalanishidan hosil boʻladigan radioaktiv asil gazdir. Bu sogʻliq uchun xavfli deb hisoblanadi. Tabiiy manbalardan olingan radon gazi binolarda, ayniqsa podval kabi yopiq joylarda toʻplanishi mumkin va bu oʻpka saratonining sigareta chekishdan keyin ikkinchi eng koʻp uchraydigan sababidir.
  • Oʻrmon yongʻinlaridan chiquvchi tutun va uglerod oksidi. Faol oʻrmon yongʻinlari davrida biomassaning nazoratsiz yonishi natijasida hosil boʻlgan tutun kontsentratsiyasi boʻyicha barcha havo ifloslanishining deyarli 75 % ni tashkil qilishi mumkin.[59]
  • Baʼzi hududlarda oʻsimliklar issiq kunlarda ekologik jihatdan muhim miqdorda uchuvchi organik birikmalar (inglizcha: votalitate organic compounds (VOC)) chiqaradi. Ushbu VOClar asosiy antropogen ifloslantiruvchi moddalar bilan reaksiyaga kirishadi- xususan, NOx, SO2 va antropogen organik uglerod birikmalari — ikkilamchi ifloslantiruvchi moddalarning mavsumiy tumanlarini hosil qiladi.[60] Qora saqich, terak, eman va majnuntol koʻp miqdorda VOC hosil qilishi mumkin boʻlgan oʻsimliklarning baʼzi namunalaridir.[61]
  • Oltingugurt, xlor va kul zarralarini hosil qiluvchi vulqon faoliyati.[62]

Emissiya omillari

Thumb
Pekin havosi 2005-yilda yomgʻirdan keyin (chapda) va tutunli kunda (oʻngda)

Atmosferani ifloslantiruvchi emissiya omillari — bu atrof-muhit havosiga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini ushbu ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishi bilan bogʻliq faoliyat orqali bogʻlashni maqsad qilgan reprezentativ qiymatlar.[63] Ifloslovchining ogʻirligi, ifloslantiruvchi moddalarni hosil qiluvchi faoliyatning birlik ogʻirligiga, hajmiga, masofasiga yoki vaqtiga qarab boʻlinadi. Ushbu mezonlar turli xil ifloslanish omillaridan hosil boʻluvchi chiqindilarni baholashni osonlashtiradi.

Turg'un organik ifloslantiruvchi moddalar roʻyxatida 12 ta birikma mavjuddir. Dioksinlar va furanlar ulardan ikkitasi boʻlib, plastiklarning ochiq yonishi kabi organik moddalarning yoqilishi natijasida maqsadli yaratiladi. Bu birikmalar ham endokrin buzuvchidir va inson genlarini mutatsiyaga olib kelishi mumkin.

Thumb
Gananing Agbogbloshie shahrida mis kabi qimmatbaho metallarni ajratib olish maqsadida elektro-texnika buyumlarini ochiq xavoda yoqish orqali elektron chiqindilar qayta ishlanadi. Plastmassalarning ochiq xavoda yonishi dunyoning koʻp qismlarida keng tarqalgan boʻlib, bu asosan chiqindilarni qayta ishlash imkoniyati past boʻlgan davlatlarda amalga oshiriladi. Buning oqibatida ogʻir metallar va boshqa ifloslantiruvchi moddalar tuproqqa kirib, suv va havo ifloslanishini keltirib chiqarishi mumkin.

Qo'shma Shtatlar atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi sanoat omillarining keng doirasi uchun havoni ifloslantiruvchi moddalar emissiyasi omillari toʻplamini nashr etgan.[64]

Remove ads

Ifloslantiruvchilar

Thumb
Sxematik chizma, havo ifloslanishining sabablari va oqibatlari: (1) issiqxona ta`siri, (2) zarralar bilan ifloslanish, (3) ultrabinafsha nurlanishining kuchayishi, (4) kislotali yomg'ir, (5) troposferik ozon kontsentratsiyasining oshishi, (6) yuqori daradagi azot oksidi

Havoni ifloslantiruvchi moddalar inson va ekotizimga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan havodagi materialdir.[65] Modda qattiq zarralar, suyuq tomchilar yoki gazlardan iborat boʻladi. Ifloslantiruvchi tabiiy kelib chiqishi yoki texnogen boʻlishi mumkin. Ifloslantiruvchi moddalar birlamchi va ikkilamchi deb tasniflanadi. Birlamchi ifloslantiruvchi moddalar odatda vulqon otilishi natijasida hosil boʻluvchi kul kabi jarayonlar natijasida hosil boʻladi. Boshqa misollar orasida avtoulov chiqindisidan chiqadigan uglerod oksidi yoki fabrikalardan chiquvchioltingugurt dioksidi kiradi. Ikkilamchi ifloslantiruvchi moddalar toʻgʻridan-toʻgʻri hosil boʻlmaydi. Aksincha, ular asosiy ifloslantiruvchi moddalar reaksiyaga kirishganda yoki havoda oʻzaro taʼsirlashganda hosil boʻladi. Troposferik ozon ikkilamchi ifloslantiruvchi moddalarning yorqin namunasidir. Baʼzi ifloslantiruvchi moddalar ham birlamchi, ham ikkilamchi boʻlishi mumkin.

Inson faoliyati natijasida atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalarga quyidagilar kiradi:

  • Karbonat angidrid (CO2): Issiqxona gazi roli tufayli u „yetakchi ifloslantiruvchi「[66] va „eng yomon iqlim ifloslantiruvchisi「 sifatida tavsiflangan.[67] Karbonat angidrid atmosferaning tabiiy tarkibiy qismi boʻlib, oʻsimliklar hayoti uchun zarurdir va inson nafas olish tizimi tomonidan hosil boʻladi.[68] Yer atmosferasida CO2 koʻpayishi tez suratlarda oshmoqda.[69]
  • Oltingugurt oksidlari (SOx): ayniqsa oltingugurt dioksidi, SO2 formulali kimyoviy birikma. SO2 vulqonlar va turli sanoat jarayonlarida hosil boʻladi. Koʻmir va neft koʻpincha oltingugurt birikmalarini oʻz ichiga oladi va ularning yonishi oltingugurt dioksidini hosil qiladi. SO2 ning keyingi oksidlanishi, odatda, NO2 kabi katalizator ishtirokida, H2 SO4 hosil qiladi va shu bilan kislotali yomgʻir hosil boʻladi. Bu yoqilgʻilardan energiya manbalari sifatida foydalanishning atrof-muhitga taʼsiri haqida tashvishlanish sabablaridan biridir.
  • Azot oksidi (NOx): Azot oksidi, xususan, azot dioksidi yuqori haroratli yonish natijasida chiqariladi, shuningdek, momaqaldiroq paytida elektr zaryadsizlanishi natijasida hosil boʻladi. Azot dioksidi NO2 formulasiga ega kimyoviy birikma. Bu bir nechta azot oksidlaridan biridir. Atmosferani ifloslantiruvchi moddalardan biri boʻlgan bu qizil-jigarrang zaharli gaz oʻziga xos oʻtkir hidga ega.
  • Uglerod oksidi (CO): CO formulali rangsiz, hidsiz, zaharli gazdir.[70] Bu tabiiy gaz, koʻmir yoki oʻtin kabi yoqilgʻining yonish mahsulotidir. Avtoulov chiqindisi atmosferaga chiquvchi uglerod oksidining katta qismini tashkil qiladi. Bu havoda koʻplab oʻpka kasalliklari hamda tabiiy muhit buzilishi va hayvonlarga zarar yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan tutun turini hosil qiladi.
  • Uchuvchi organik birikmalar (VOC): VOClar tashqi havoni ifloslantiruvchi moddalardir. Ular metan (CH4) yoki metan boʻlmagan (NMVOCs) deb tasniflanadi. Metan global isishning kuchayishiga hissa qoʻshadigan shiddatli issiqxona gazidir. Boshqa uglevodorod VOC』lar ham ozon yaratish va atmosferada metanning umrini uzaytirishdagi roli tufayli muhim issiqxona gazlari hisoblanadi. Bu taʼsir mahalliy havo sifatiga qarab oʻzgaradi. Aromatik NMVOCs benzol, toluol va ksilen uzoq vaqt davomida taʼsir qilish bilan leykemiyaga olib kelishi mumkin. 1,3-butadien koʻpincha sanoatda foydalanish bilan bogʻliq yana bir xavfli birikma hisoblanadi.
  • Zarralar, shuningdek, zarrachalar (PM), atmosfera zarrachalari (APM) yoki mayda zarralar deb ham ataladi, gaz tarkibidagi mikroskopik qattiq yoki suyuq zarralardir.[71] Boshqa tomondan, aerozol zarralar va gaz aralashmasidir. Vulqonlar, chang boʻronlari, oʻrmon va oʻtloq yongʻinlari, tirik oʻsimliklar va dengiz purkagichlari zarrachalarning manbalaridir. Aerozollar avtoulovlarda, elektr stantsiyalarda va koʻplab sanoat jarayonlarida qazib olinadigan yoqilgʻining yonishi kabi inson faoliyati natijasida hosil boʻladi.[72] Dunyo boʻyicha oʻrtacha, antropogen aerozollar — inson faoliyati natijasida yaratilgan. Hozirgi vaqtda havoning taxminan 10 % ni tashkil qiladi. Havodagi mayda zarrachalarning koʻpayishi yurak xastaligi,[73] oʻpka funktsiyasining oʻzgarishi va oʻpka saratoni kabi sogʻliq uchun zararli kasalliklarni olib keladi. Zarrachalar nafas yoʻllarining infektsiyalari bilan bogʻliq boʻlib, astma kabi kasalliklarga chalinganlar uchun xavfli boʻlishi mumkin.[74]
  • Havodagi mayda zarralar bilan bogʻlangan doimiy erkin radikallar yurak kasalliklar bilan bogʻliq.[75][76]
  • Qoʻrgʻoshin va simob kabi zaharli metallar va ularning birikmalari.
  • Xlorflorokarbonlar (CFC): Hzoirda foydalanish taqiqlangan tovarlardan chiqariladi; ozon qatlamiga zararli. Bu konditsionerlar, muzlatgichlar, aerozol purkagichlari va boshqa shunga oʻxshash qurilmalar tomonidan chiqariladigan gazlardir. CFClar atmosferaga chiqarilgandan keyin stratosferaga yetib boradi.[77] Ular u yerda boshqa gazlar bilan oʻzaro taʼsirlashib, ozon qatlamiga zarar yetkazadilar. Buning natijasida ultrabinafsha nurlar yer yuzasiga yetib borishi mumkin. Bu teri saratoni, koʻz muammolari va hatto oʻsimliklarning shikastlanishiga olib keladi.[78]
  • Ammiak: asosan qishloq xoʻjaligi chiqindilari tomonidan chiqariladi. Ammiak NH3 formulali birikmadir. Odatda u oʻziga xos oʻtkir hidli gaz sifatida uchraydi. Ammiak oziq-ovqat va oʻgʻitlar uchun kashshof boʻlib, quruqlikdagi organizmlarning ozuqaviy ehtiyojlariga sezilarli hissa qoʻshadi. Ammiak gidroksidi keng qoʻllanilishiga qaramay xavflidir.[79] Atmosferada ammiak azot va oltingugurt oksidlari bilan reaksiyaga kirishib, ikkilamchi zarrachalarni hosil qiladi.[80]
  • Hidlar: axlat, kanalizatsiya va sanoat jarayonidan kelib chiqadi.
  • Radioaktiv ifloslantiruvchi moddalar: yadroviy portlashlar, yadroviy hodisalar, urushdagi portlovchi moddalari va radonning radioaktiv parchalanishi kabi tabiiy jarayonlar natijasida hosil boʻladi.

Ikkilamchi ifloslantiruvchi moddalarga quyidagilar kiradi:

  • Fotokimyoviy smog: gazsimon asosiy ifloslantiruvchi va kimyoviy moddalardan hosil boʻladi.[81] Smog — havoda yuzaga keladigan ifloslanish turi. Smog maʼlum bir hududda tutun va oltingugurt dioksidi aralashmasi paydo boʻluvchi katta hajmdagi koʻmir yoqilishi natijasida yuzaga keladi.[82] Zamonaviy smog odatda avtoulov va sanoat chiqindilari tufayli yuzaga keladi, ular quyoshdan ultrabinafsha nurlar taʼsirida atmosferaga taʼsir qilib, ikkilamchi ifloslantiruvchi moddalarni hosil qiladi, keyinchalik ular fotokimyoviy tutun hosil qilish uchun birlamchi emissiyalar bilan birlashadi.
  • Troposferik ozon (O3): NOx va VOC aralashmasidan hosil boʻluvchi ozon.[83] Shuningdek, u stratosferaning turli qismlarida joylashgan ozon qatlamining muhim qismidir. U bilan bogʻliq fotokimyoviy va kimyoviy reaktsiyalar kunduzi va kechasi atmosferada sodir boʻladigan koʻplab kimyoviy faoliyatni kuchaytiradi. Bu inson faoliyati (asosan, qazib olinadigan yoqilgʻilarning yonishi) natijasida koʻp miqdorda hosil boʻladigan ifloslantiruvchi va smogning tarkibiy qismidir.[84]
  • Peroksiatsetil nitrat (C2 H3 NO5): xuddi shunday NOx va VOClardan hosil boʻladi.

Kichik havo ifloslantiruvchi moddalarga quyidagilar kiradi:

  • Koʻp miqdordagi kichik xavfli havo ifloslantiruvchi moddalar. Ulardan baʼzilari AQShda Toza havo toʻgʻrisidagi qonun (inglizcha: Clean Air Act), Yevropada esa Havo asoslari direktivasi (inglizcha: Air Framework Directive) ostida tartibga solinadi.

Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar kimyoviy, biologik yoki fotolitik jarayonlar tufayli atrof-muhitning buzilishiga chidamli organik birikmalardir. Natijada, ular atrof-muhitda omon qolishi, uzoq masofaga yoyilishi, inson va hayvonlar toʻqimalarida biotoʻplanishi, oziq-ovqat zanjirlarida biomagnitsiyalanishi va inson salomatligi va ekotizimiga katta xavf tugʻdirishi aniqlangan.[85]

Remove ads

Ichki havo sifati

Thumb
Ichki havoning ifloslanishi oqibatidagi oʻlimlar
Thumb
Havo sifati monitoringi, Nyu-Dehli, Hindiston

Odamlar asosiy vaqtlarining koʻp qismini oʻtkazuvchi binolarda ventilyatsiya yetishmasligi havoning ifloslanishiga sabab boʻladi. Radon (Rn) gazi, kanserogen boʻlib, maʼlum joylarda Yerdan ajralib chiqadi va uylar ichiga joylashadi. Qurilish materiallari, shu jumladan gilam va faner formaldegid (H2CO) gazini chiqaradi. Boʻyoq va erituvchilar quriganida uchuvchi organik birikmalarni (VOC) hosil qiladi. Qoʻrgʻoshin boʻyogʻi changga aylanishi va odamlar undan nafas olishi mumkin. Havoni qasddan ifloslantirish xushboʻy havo purkagichlari, tutatqilari va boshqa xushboʻy narsalardan foydalanish bilan kiritiladi. Oshxona pechlari va kaminlarni nazoratli yoqish natijasida havoga, ichkariga va tashqariga sezilarli miqdorda zararli tutun zarralarini chiqarish mumkin.[86][87] Ichkarining ifloslanish xavflariga pestitsidlar va boshqa kimyoviy purkagichlarni toʻgʻri ventilyatsiya qilinmagan holda ishlatish sabab boʻlishi mumkin.

Uglerod oksidi bilan zaharlanish va oʻlim holatlari koʻpincha shamollatish teshiklarining notoʻgʻriligi yoki yopiq joylarda koʻmirni yoqish natijasida yuzaga keladi.[88] Surunkali uglerod oksidi bilan zaharlanish hatto notoʻgʻri sozlangan chiroqlardan ham kelib chiqishi mumkin.

Asbestdan foydalanish koʻpgina mamlakatlarda taqiqlangan boʻlsa-da, oʻtmishda sanoat va maishiy muhitda uni katta miqdorlarda ishlatish koʻplab joylarda potentsial oʻta xavfli materiallarni qoldirgan. Asbestoz — oʻpka toʻqimalariga taʼsir qiluvchi surunkali yalligʻlanishli tibbiy kasallikdir. Asbestoz bilan ogʻrigan bemorlarda ogʻir nafas qisilishi mavjud boʻlib, oʻpka saratonining bir nechta turlari bilan bogʻliq xavf yuqoridir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra,[89] asbestoz, oʻpka saratoni va peritoneal mezotelioma sifatida aniqlanishi mumkin.

Atmosfera ifloslanishining biologik manbalari, shuningdek, gazlar va havodagi zarrachalar kabi binolarda ham topilgan. Biologik manbalarga uy hayvonlaridan ajraluvchi teri poʻstloq qatlami, odamlarning teri parchalari va sochlardan tushuvchi qillar, choyshablar, gilamlar va mebellardagi chang fermentlar va mikrometr oʻlchamdagi najas axlatlaridan paydo boʻluvchi metan, devorlardagi mikotoksinlar va sporalarni hosil qiluvchi mog'or, shuningdek, chang va mogʻor hosil qiluvchi uy oʻsimliklari, tuproq va uning atrofidagi bogʻlardagi gulchanglar kiradi.

Remove ads

Sogʻlikka taʼsiri

Amerika Qoʻshma Shtatlari regulyatorlari tomonidan xavfsiz deb hisoblanganidan havo ifloslanishining uchta komponenti boʻlmish mayda zarrachalar, azot dioksidi va ozonning taʼsiri yurak va nafas olish kasalliklari bilan bogʻliq.[90] 2020-yilda ifloslanish (shu jumladan havoning ifloslanishi) Yevropada har sakkizinchi oʻlimning sababi boʻlgan va ifloslanish bilan bog'liq kasalliklar, shu jumladan yurak kasalliklari, insult va o'pka saratoni uchun muhim xavfli omil edi.[91] Havoning ifloslanishi natijasida kelib chiqadigan sogʻliqqa taʼsiri nafas olish, xirillash, yoʻtal, astma[92] va mavjud nafas olish va yurak kasalliklarining yomonlashishini oʻz ichiga olishi mumkin. Ushbu taʼsirlar dori vositalaridan foydalanishning koʻpayishiga, shifokor yoki tez yordam boʻlimiga tashrif buyurishning va kasalxonadagi bemorlarning koʻpayishiga hamda erta oʻlimga olib kelishi mumkin. Havoning yomon sifati inson salomatligiga taʼsiri katta boʻlib, asosan tananing nafas olish tizimi va yurak-qon tomir tizimiga taʼsir qiladi.[93] Atmosfera ifloslanishining eng keng tarqalgan manbalariga zarrachalar, ozon, azot dioksidi va oltingugurt dioksidi kiradi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi besh yoshgacha boʻlgan bolalar ichki va tashqi havoning ifloslanishi bilan bogʻliq jami oʻlimlar boʻyicha eng zaif aholi hisoblanadi.[94]

Oʻlim

Thumb
Har yili havo ifloslanishidan vafot etganlar sonining diagrammasi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2014-yilgi hisob-kitoblariga koʻra, har yili havoning ifloslanishi dunyo boʻylab 7 millionga yaqin odamning bevaqt oʻlimiga sabab boʻlgan. 2019-yil mart oyida chop etilgan tadqiqotlar bu raqam 8,8 million atrofida boʻlishi mumkinligini koʻrsatgan. 2022-yilgi tahlil havoning ifloslanishi 2019-yilda 6,67 (5,90-7,49) million erta oʻlimga sabab boʻlgan degan xulosaga keldi. Oʻlim sabablari orasida qon tomirlari, yurak kasalliklari, oʻpka saratoni va oʻpka infektsiyalari mavjud.[4]

Shahar havosining ifloslanishi har yili dunyo boʻylab 1,3 million kishining oʻlimiga sabab boʻladi.[95] Ayniqsa, bolalar nafas olish organlari tizimining yetilmaganligi tufayli xavf ostidadir.[96] 2015-yilda tashqi havoning, asosan, PM2,5 bilan ifloslanishi, dunyo boʻylab Osiyoda yiliga 3,3 (95 % CI 1,61-4,81) million erta oʻlimga olib kelishi taxmin qilingan. 2021-yilda JSST tashqi havoning ifloslanishi 2016-yilda dunyo boʻylab 4,2 million erta oʻlimga sabab boʻlishi taxmin qilinganini maʼlum qilgan. 2020-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatadiki, 2015-yilda havo ifloslanishidan umr koʻrish davomiyligining qisqarishi 2,9 yilni tashkil etgan, bu toʻgʻridan-toʻgʻri zoʻravonlikning barcha shakllaridan 0,3 yildan sezilarli darajada koʻproq ekanligini koʻrsatadi.[97]

2022-yilda GeoHealthda chop etilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, Qoʻshma Shtatlarda energiya bilan bogʻliq qazib olinadigan yoqilgʻi chiqindilarini yoʻq qilish har yili 46,900-59,400 erta oʻlimning oldini oladi va PM2.5 bilan bogʻliq kasalliklar va oʻlimning oldini olish uchun 537-678 milliard dollar foyda keltiradi.[98]

Mintaqa boʻyicha

Hindiston va Xitoyda havoning ifloslanishidan kelib chiqadigan oʻlim darajasi eng yuqori sanaladi.[99][100] Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Hindistonda astmadan vafot etganlar soni nisbatan koʻproq. 2013-yil dekabr oyidagi tadqiqotlarga koʻra, Xitoyda havoning ifloslanishi har yili 500 000 kishining oʻlimiga sabab boʻlgan.[101]

Har yili Yevropada havoning ifloslanishi oqibatida erta oʻlim holatlari 430 000[102] dan 800 000 gacha baholanmoqda.[103] Ushbu oʻlimning muhim sababi yoʻl transporti tomonidan azot dioksidi va azot oksidining (NOx) havoga chiqarilishidir.[102] 2015-yilgi maslahat hujjatida Buyuk Britaniya hukumati azot dioksidi Buyuk Britaniyada yiliga 23,500 erta oʻlimga sabab boʻlishini oshkor qilgan.[104] Yevropa Ittifoqi boʻylab havoning ifloslanishi umr koʻrish davomiyligini deyarli toʻqqiz oyga qisqartirishi mumkinligini taxmin qilinmoqda.[105]

Asosiy sabablar

Thumb
G20 (katta yigirmatalik) davlatlari oʻrtasidagi transchegaraviy ifloslanishga asoslangan munosabatlarni PM 2.5 bilan bogʻliq erta vafotlar soni boʻyicha taqqoslash.[106]

Havoning ifloslanishiga eng katta sabab qazib olinadigan yoqilgʻining yonishi natijasida hosil boʻladi (asosan avtomobillarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va isitish).[107] Greenpeace tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatadiki, dunyo boʻylab har yili 4,5 million erta oʻlim yuqori emissiyali elektr stantsiyalari va avtomobil chiqindilari chiqaradigan ifloslantiruvchi moddalar tufayli sodir boʻladi.[108]

Birlamchi mexanizmlar

JSST hisob-kitoblariga koʻra, 2016-yilda tashqi havoning ifloslanishi bilan bogʻliq erta oʻlimlarning 58 foizi yurak kasalligi va insult tufayli sodir boʻlgan.[109] Havoning ifloslanishini yurak-qon tomir oʻlimining ortishi bilan bogʻlaydigan mexanizmlar noaniq, ammo ehtimol ila oʻpka va tizimli yalligʻlanishni oʻz ichiga oladi.[110]

Bugungi kundagi yillik oʻlimlar

Buyuk Britaniya va AQSh universitetlari olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot qazib olinadigan yoqilgʻining yonishi natijasida hosil boʻlgan havo ifloslanishi bilan bogʻliq oʻlim soni 2021-yilda 10,4 million, 2012-yilda 8,7 million va 2018-yilda 5 million boʻlib, oldingi hisob-kitoblarga qaraganda ancha yuqori degan xulosaga kelgan.[111][112] JSST maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab har 8 oʻlimdan 1 tasi havoning ifloslanishi tufayli yuzaga keladi.[113]

Yurak-qon tomir kasalligi

2007-yildagi dalillarni koʻrib chiqish shuni koʻrsatdiki, atrof-muhit havosining ifloslanishi yurak-qon tomir kasalliklari tufayli oʻlimning ortishi bilan bogʻliq boʻlgan xavf omilidir.

Havoning ifloslanishi, ifloslantiruvchi moddalar darajasi eng yuqori boʻlgan rivojlanayotgan mamlakatlarda insult uchun xavf omili sifatida paydo boʻlgan.[114] 2007-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ayollarda havo ifloslanishi gemorragik emas, balki ishemik insult bilan bogʻliq.[115]

Oʻpka kasalligi

Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, astma[116] va surunkali obstruktiv o'pka kasalligi (KOAH)[117] rivojlanish xavfining ortishi transport bilan bogʻliq havo ifloslanishiga taʼsir qiladi. KOAH surunkali bronxit va amfizem kabi kasalliklarni oʻz ichiga oladi.[118] Havoning ifloslanishidan kelib chiqqan oʻpka kasalliklari xavfi quyidagi odamlar guruhlari uchun eng yuqori sanaladi: chaqaloqlar va yosh bolalar, ularning normal nafas olishi kattaroq bolalar va kattalarnikiga qaraganda tezroq; qariyalar; tashqarida ishlaydigan yoki koʻp vaqtini tashqarida oʻtkazadiganlar; va yurak hamda oʻpka kasalligiga chalinganlar.[119]

Saraton (oʻpka saratoni)

Thumb
PM2.5 havo ifloslanishiga himoyalanmagan tarzda taʼsir qilish kuniga bir nechta sigaret chekish bilan teng boʻlishi mumkin va[120] saraton xavfini oshirishi mumkin, bu asosan atrof-muhit omillarining natijasidir.[121]

2007-yilda atrof-muhit havosining ifloslanishi saraton kasalligi uchun xavf omili ekanligi haqidagi dalillarni koʻrib chiqish PM2.5 (nozik zarrachalar) ning uzoq muddatli taʼsir qilishi tasodifiy boʻlmagan oʻlimning umumiy xavfini har yili 6 % ga oshiradi degan xulosaga kelish uchun aniq maʼlumotlarni topgan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, tirbandlikka yaqin joyda yashash oʻpka saratoni, yurak-qon tomir kasalliklari ushbu natijaning yuqori xavfi bilan bogʻliq.

Buyrak kasalligi

2021-yilda 2001-2016-yillar davomida 163 197 nafar Tayvan aholisini oʻrganish natijasida PM2.5 kontsentratsiyasining har 5 mkg /m 3 ga kamayishi surunkali buyrak kasalligi rivojlanish xavfini 25 foizga kamaytirishi bilan bogʻliqligini taxmin qildi.[122] 10 997 aterosklerozli bemorlar ishtirok etgan akkord tadqiqotiga koʻra, yuqori PM 2,5 taʼsiri albuminuriyaning kuchayishi bilan bogʻliq.[123]

Markaziy asab tizimi

Havoning ifloslanishi markaziy asab tizimiga ham taʼsir qilishi haqida maʼlumotlar toʻplanib bormoqda.[124]

Havoning ifloslanishi 50 yoshdan oshgan odamlarda demans xavfini oshiradi.[125] Ichki havoning ifloslanishi bolalalarda kognitiv funktsiya va neyrorivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.[126] Prenatal taʼsir neyrorivojlanishga ham taʼsir qilishi mumkin.[127] Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, havoning ifloslanishi turli xil rivojlanish nuqsonlari, oksidlovchi stress va neyro-yallig'lanish bilan bogʻliq va u Altsgeymer kasalligi va Parkinson kasalligiga olib keladi.[128]

Sichqonlarni oʻrganishda havo ifloslanishi urgʻochilarga qaraganda erkaklarga koʻproq salbiy taʼsir koʻrsatgan.[129]

Bolalar

Hindistonning Nyu-Dehli kabi shaharlarida bolalar salomatligini taʼminlash boʻyicha himoya choralari koʻrilmoqda, bu yerda avtobuslar smogni yoʻqotish uchun siqilgan tabiiy gazdan foydalanadi.[130] Yaqinda Yevropada oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, oʻta nozik zarrachalarning taʼsiri bolalarda qon bosimini oshirishi mumkin.[131] JSSTning 2018-yilgi hisobotiga koʻra, ifloslangan havo 15 yoshgacha boʻlgan millionlab bolalarning zaharlanishiga olib kelgan va bu har yili olti yuz mingga yaqin bolalarning hayotiga zomin boʻladi.[132]

Chaqaloqlar

Atrof-muhitning ifloslanish darajasi muddatidan oldin va kam vazn bilan tugʻilish asoratlari bilan bogʻliq. 2014-yilda JSST tomonidan onalar va perinatal salomatlik boʻyicha butun dunyo boʻylab oʻtkazilgan soʻrovda kam vaznli tugʻilishning va PM 2.5 taʼsirining ortishi oʻrtasida statistik jihatdan muhim bogʻliqlik aniqlangan. Xavfning ona va bolaga taʼsiri yalligʻlanishni kuchaytirish va oksidlovchi stressni oshirishdan iborat deb hisoblanadi.

York universiteti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, 2010-yilda PM 2,5 taʼsiri dunyo boʻylab erta tugʻilishlarning 18 foizi bilan kuchli bogʻliq boʻlib, bu taxminan 2,7 million muddatdan oldin tugʻilishni tashkil etgan. Havoning eng yuqori ifloslanishi tufayli erta tugʻilish bilan bogʻliq boʻlgan mamlakatlarga Janubiy va Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Sahroi Kabir kiradi.[133]

Remove ads
Loading related searches...

Wikiwand - on

Seamless Wikipedia browsing. On steroids.

Remove ads