Hukumat

From Wikipedia, the free encyclopedia

Hukumat
Remove ads

Hukumat — davlatning oliy kollegial ijroiya organi[1][2][3][4]. Hukumat davlat boshqaruv tizimining muhim qismi bo『lib, u mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy yo『nalishlarini belgilash va boshqarish uchun mas』ul hisoblanadi. Hukumat davlatning barcha fuqarolari manfaatlarini himoya qilish, qonunlar ijrosini ta’minlash va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun faoliyat yuritadi.Hukumat turli mamlakatlarda turlicha nom bilan ataladi: Vazirlar Kengashi (Fransiya, Italiya, Polsha), Vazirlar Mahkamasi (Buyuk Britaniya, Oʻzbekiston), davlat kengashi (XXR) va hokazo. Hukumat partiyasiz, bir partiyali va koalitsion boʻlishi mumkin. Hukumat tuzish tartibi boshqaruv shakliga bogʻliq boʻladi. Parlamentar mamlakatlarda hukumatni davlat boshligʻining topshirigʻiga koʻra bir palatali parlamentda yoki ikki palatali parlementning quyi palatasida koʻpchilik oʻringa ega boʻlgan partiyaning yetakchisi (koalitsion hukumatda partiyalar yetakchilaridan biri) — tomonidan shakllantiriladi. Prezidentlik respublikalarida hukumat prezident tomonidan shakllantiriladi, bunda bir qator mamlakatlarda (Belorussiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqalar) prezident tomonidan tayinlangan hukumat aʼzolarining har biri parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Hukumat aʼzolari (vazirlar, davlat kotiblari va boshqalar) davlat boshqaruvining muayyan markaziy idoralariga boshchilik qiladilar. Parlamentar mamlakatlarda ular, odatda, parlement aʼzolari boʻlishi kerak, prezidentlik respublikalarida va qoidaga koʻra, yarim prezidentlik respublikalarida ham vazirlik lavozimi va deputatlik mandatini birga qoʻshib olib borish mumkin emasligi qoidasi amal qiladi. Parlamentar davlatlarda hukumat parlament oldida (ikki palatali parlementda quyi palata oldida) kollegial tarzda javobgar boʻladi. Parlamentdagi koʻpchilik tarqalib ketganda (masalan : hukumat koalitsiyasi boʻlganda) hukumat isteʼfoga ketishi kerak yokl parlament tarqatib yuborilib, muddatidan ilgari saylovlar oʻtkazish lozim boʻladi. federativ davlatlarda markaziy hukumat va federatsiya tarkibiga kiruvchi davlat tuzilmalari (shtatlar, viloyatlar) hukumati mavjud boʻladi. Hukumat yoki toʻliq tarkibda ishlashi mumkin, yoki hukumat boshligʻi tor kollegiya (Buyuk Britaniya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda kabinet) tuzadi. Hukumat oʻz tarkibidan yordamchi hukumat qoʻmitalari tashkil etishi mumkin. Hukumat qarorlari siyosiy direktivalar tusida ham, normativ hujjatlar yoki qonun loyihalari koʻrinishida ham rasmiylashtiriladi (odatda alohida vazirliklar tomonidan ishlab chiqiladi), keyin parlament tasdigʻiga kiritiladi.

Thumb
Hukumat boshqaruvi shaklk boʻyicha davlatlar. 2021-yil maʼlumotlari asosida.
  Prezidentlik respublikasi, prezidentning toʻliq hokimligi
  Parlament respublikasi, preziddntning ijro hokimligi parlamentga bog'liq
  Aralash respublika
  Parlamentlik konstitutsion monarxiya, monarx haqiqiy hokimiyatga ega emas
  Konstitutsion monarxiyalar, monarx haqiqiy hokimiyatga ega, ba'zida (har doim emas) zaif parlament bilan
  Konstitutsiyad mustaxkamlab qoʻyilgan yagona partiya hukjmronligidagi respublika
  Hukjmat toʻgʻrisidagi asosiy qonjni mavjud bo'lmagan davlatlar yoki harbiy diktatura
  Yuqorida berilganlarning birortasiga ham kirmaydigan davlatlar

Oʻzbekistonda hukumat Vazirlar Mahkamasi deb nomlanadi. U ijtimoiy hayotning barcha sohalariga rahbarlik qiladi. Hukumat tarkibi Prezident tomonidan shakllantiriladi (yana qarang Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi).

Remove ads

Hukumat tushunchasi va uning ahamiyati

Hukumat jamiyat hayotining turli sohalarini boshqarish uchun yaratilgan siyosiy institutdir. Uning asosiy maqsadi davlatning barqarorligini ta’minlash, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish, iqtisodiy o『sish va ijtimoiy taraqqiyotga hissa qo『shishdan iborat. Hukumat tizimi har bir davlatning siyosiy tuzilishiga qarab farqlanadi va turli xil shakllarga ega bo『lishi mumkin.

Hukumat shakllari

Hukumatlarning tashkil etilish shakllari mamlakatning siyosiy tizimi va davlat tuzilishiga bog『liq. Asosiy hukumat shakllari quyidagilardan iborat:

1. Monarxiya

Monarxiya – davlat boshqaruvi bir shaxs, ya』ni monarx (qirol, imperator yoki sulton) tomonidan amalga oshiriladigan siyosiy tizimdir. Monarxiya ikki xil bo『ladi:

  • Mutlaq monarxiya – monarx to『liq va cheklanmagan hokimiyatga ega (masalan, Saudiya Arabistoni, Bruney);
  • Konstitutsiyaviy monarxiya – monarxning vakolatlari konstitutsiya bilan cheklangan bo『lib, davlat boshqaruvi asosan parlament va bosh vazir tomonidan amalga oshiriladi (masalan, Buyuk Britaniya, Yaponiya).

2. Respublika

Respublika – davlat hokimiyati saylov yo『li bilan shakllanadigan hukumat shaklidir. Respublika boshqaruvi asosan quyidagi turlarga bo『linadi:

  • Prezidentlik respublikasi – prezident davlat va hukumat boshlig『i bo『lib, keng vakolatlarga ega (masalan, AQSh, Braziliya, O『zbekiston);
  • Parlament respublikasi – hukumat boshlig『i bosh vazir bo『lib, davlat boshlig『i esa asosan ramziy vakolatlarga ega bo『lgan prezident yoki monarx bo『lishi mumkin (masalan, Germaniya, Italiya);
  • Aralash respublika – prezident va parlamentning vakolatlari muvozanatlangan (masalan, Fransiya, Rossiya).
Remove ads

Hukumat tuzilishi

Hukumat tarkibiga turli davlat organlari kiradi. Ularning asosiylari quyidagilar:

  1. Ijro hokimiyati – hukumatning asosiy ijrochi organi bo『lib, u davlatni boshqarish, qonunlarni amalga oshirish va davlat siyosatini yuritish uchun mas』uldir. Masalan, vazirlar mahkamasi va turli vazirliklar.
  2. Qonun chiqaruvchi hokimiyat – parlament yoki qonun chiqaruvchi organ qonunlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi.
  3. Sud hokimiyati – sudlar qonunlarning ijrosini ta’minlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish uchun mas』ul.

Hukumatning asosiy funksiyalari

Hukumat jamiyat va davlat barqarorligini ta’minlash uchun quyidagi funksiyalarni bajaradi:

  • Ichki siyosat – ijtimoiy barqarorlik va qonun ustuvorligini ta’minlash;
  • Tashqi siyosat – boshqa davlatlar bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni yo『lga qo『yish;
  • Iqtisodiy boshqaruv – davlat byudjeti, soliqlar va iqtisodiy siyosatni boshqarish;
  • Mudofaa va xavfsizlik – milliy xavfsizlikni ta’minlash va harbiy mudofaani boshqarish;
  • Ijtimoiy ta’minot – sog『liqni saqlash, ta』lim, pensiya tizimi va boshqa ijtimoiy xizmatlarni ta’minlash.
Remove ads

Manbalar

Loading related searches...

Wikiwand - on

Seamless Wikipedia browsing. On steroids.

Remove ads