Muhammad

Arab siyosiy arbobi, islom dini asoschisi From Wikipedia, the free encyclopedia

Muhammad
Remove ads

Muhammad, Muhammad ibn Abdulloh (arabcha: مُحَمَّد بنِ عَبْد ٱللَّٰه; tax. 570/571-yil, Makka — 8-iyun 632-yil, Madina)[2][3] — islom dini va birinchi musulmonlar jamoasi asoschisi. Musulmonlar eʼtiqodiga koʻra, Allohning oxirgi paygʻambari va uning elchisi. Shu maʼnoda uni Rasululloh, Rasuli Akram deb atash odat tusiga kirgan. Islom taʼlimotiga koʻra, Muhammad (s.a.v.) paygʻambar nomini aytgan yoki eshitgan kishi „sallalohu alayhi vasallam“ (s.a.v.) yoki „alayhissalom“ (a.s.) deb salavot aytib qoʻyish vojib hisoblanadi. Muhammad (s.a.v.) paygʻambar orqali odamlarga Qurʼon nozil qilingan.

Qisqa faktlar Unvoni, Shaxsiy maʼlumotlar ...

Quraysh qabilasining hoshimiylar urugʻiga mansub, uncha boy boʻlmagan, lekin Makka zodagonlariga yaqin oilada tugʻilgan. Muhammad (alayhi salom) paygʻambarning bolalik va oʻsmirlik yillari haqidagi maʼlumotlar juda kam. Muhammad (alayhi salom) paygʻambar goʻdakligidayoq yetim qolgan; tugʻilmasidan avval otasi Abdulloh, 6 yoshligida esa — onasi Omina vafot etgan. Muhammad (alayhi salom) paygʻambarni oʻz tarbiyasiga olgan bobosi Abdulmuttalib ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtadi. Yetim bolani tarbiya qilishni amakisi Abu Tolib oʻz zimmasiga oladi. 12 yoshida Muhammad ( alayhi salom) paygʻambar bir muddat Abu Tolibning podasini boqadi, keyin tijorat ishlariga jalb qilinadi. Abu Tolib Muhammad alayhi salom paygʻambarni 21 yoshida Huvaylid ibn Asʼadning qizi, badavlat beva ayol Xadicha xonadoniga dastyorlikka beradi. Xadichaning savdo ishlari bilan shugʻullangan Muhammad alayhi salom paygʻambar Suriyaga safar qiladi, xususan, Halab va Damashq shaharlariga boradi. Muhammad alayhissalom paygʻambar 25 yoshida (595-yil) 40 yoshlarga borib qolgan Xadichaga uylanadi. Muhammad alayhi salom paygʻambar 3 oʻgʻil (Qosim, Abdulloh, Ibrohim) va 4 qiz (Ruqayya, Zaynab, Ummu Kulsum, Fotima) farzand koʻrgan. Joriyasi Mariyadan boʻlgan Ibrohim ismli oʻgʻlidan boshqa barcha farzandlari Xadichadan edi. Oʻgʻillari goʻdakligidayoq vafot etgan. Qizlaridan Fotimagina Muhammad alayhissalom paygʻambar naslini davom ettirgan. Xadicha vafotidan soʻng Muhammad alayhi salom paygʻambar bir necha bor uylangan (lekin, Oyshadan boshqa bokira xotin olmagan), biroq ulardan farzand koʻrmagan.

Muhammad alayhi salom paygʻambar 40 yoshga toʻlganida oʻzini boshqacha seza boshlaydi. Yolgʻizlikni qoʻmsab, Makka yonidagi Hiro togʻida joylashgan gʻorga borib ibodat bilan mashgʻul boʻlar, oʻyga tolardi. Taxminan 610-yilda Muhammad alayhi salom paygʻambar Makkada oʻzining Allohdan vahiy olayotganligini eʼlon qiladi. Buni birinchilardan boʻlib Xadicha, Muhammad (s.a.v.) paygʻambarning amakivachchasi Ali ibn Abu Tolib hamda asrandi oʻgʻli Zayd ibn Horisa eʼtirof etib iymon keltirishgan. Koʻp oʻtmay, Makkaning eng nufuzli savdogarlaridan Abu Bakr, Zubayr, Talha, Saʼd ibn Abu Vaqqos,Usmon ibn Affon va keyinchalik Madinaning eng nufuzli savdogari boʻladigan Abdurahmon ibn Avf Muhammad alayhi salom paygʻambarni chin paygʻambar deb tan olishgan. Muhammad alayhi salom paygʻambar izdoshlari jamoasi dastlabki paytlarda 50 kishidan oshmagan. Makkaning asosiy aholisi, ayniqsa, nufuzli qurayshliklar esa Muhammad alayhi salom paygʻambar taʼlimotini ochiqdan-ochiq dushmanlik bilan qarshi olgan. Buning natijasida Muhammad alayhi salom paygʻambar tarafdorlaridan 11 xonadon Habashiston (hozirgi Efiopiya) ga koʻchib ketgan. Muhammad alayhi salom paygʻambar jamoasiga jasur jangchilar sifatida tanilgan Hamza va Umar ibn Xattobning qoʻshilishi jamoaning mavqeini oshirdi. Ayni vaqtda quraysh zodagonlarining Muhammad alayhi salom paygʻambar va uning tarafdorlariga dushmanligi yanada kuchaydi. 620-yilda Xadichaning, soʻngra Abu Tolibning vafotidan soʻng Makkada vaziyat yomonlashadi, Muhammad alayhi salom paygʻambar muayyan xatar ostida qoladi. Har yilgi anʼanaviy Makka ziyoratiga kelgan yasriblik Avs va Hazraj qabilalarining vakillari Muhammad alayhi salom paygʻambar bilan uchrashib, sodiqlik bildirishadi va yordam qilishga vaʼda berishadi, Muhammad alayhi salom paygʻambarni Yasribga koʻchib borishga daʼvat qilishadi. Avval Muhammad alayhi salom paygʻambarning izdoshlari (asʼhoblar) oʻz oilalari bilan quraysh zodagonlaridan maxfiy ravishda guruh-guruh boʻlib koʻchadi. Oxirida Muhamad alayhissalom paygʻambarning oʻzi Abu Bakr Siddiq bilan joʻnab ketadi. 622-yildada yuz bergan bu koʻchish payti (arab, hijrat)dan musulmonlar erasi — hijriy yil hisobi boshlanadi. Yasrib esa Madina an-Nabiy („Paygʻambar shahri“) yoki qisqacha, Madina deb ataladigan boʻldi.

Madinada birinchi masjid qurildi, islom arkonlari ishlab chiqila boshlandi, Kaʼba qibla qilib belgilandi. Jamoani jipslashtirish va uni kengaytirish uchun makkalik mushriklarga qarshi kurashish zarur edi. Makkaliklarga qarshi uyushtirilgan iqtisodiy urush ular farovonligining asosiy manbai boʻlgan savdo karvonlari ishini chippakka chiqardi. 624-yilda Badr quduqlari oldida Badr jangi, 625-yilda Uhud togʻi etagida Uhud janglari boʻldi. 626-yilda makkaliklar madinaliklarga uzil-kesil zarba berish maqsadida yirik harbiy safarga otlanishdi. Muhammad alayhissalom paygʻambar Madinani uzoq qamal sharoitiga tayyorladi, shahar atrofiga chuqur xandaqlar qazildi va u yerlarga kamonchi oʻqchilar joylashtirildi. Kutilmagandagi izgʻirin, kuchli shamollar qamal qiluvchilarni toliqtirdi, ular orasida nizolar boshlandi. Natijada Madina qamali bekor qilindi, bu gʻalaba Madina jamoasini yanada jipslashtirish bilan birga, unga yangi-yangi badaviy qabilalarning qoʻshilishiga olib keldi. Hijratning 6-yilida makkalik quraysh zodagonlari mavjud muammolarni kelishuvchilik yoʻli bilan bartaraf etish uchun Muhammad Mustafa sallallahu alayhi va sallam paygʻambar bilan tengma-teng muzokara olib borishga majbur boʻlishdi. Madinaga qarshi kurashning yetakchilaridan biri boʻlgan Abu Sufyon Muhammad (s.a.v.) paygʻambar tarafiga oʻtdi. 630-yilda Makka Muhammad (s.a.v.) paygʻambarga jangsiz taslim boʻldi, makkaliklar Muhammad alayhissalom paygʻambar jamoalariga qoʻshildi. 631-yilda koʻp qabilalar Muhammad alayhissalom paygʻambarga boʻysundi va islomni qabul qildi. Hijratning 10-yili (632-yil martida) Muhammad alayhissalom paygʻambar oʻz oila aʼzolarini olib, Madina atroflaridagi 100 mingdan ortiq kishi bilan Makkaga birinchi va oxirgi marta ziyorat (haj)ga bordi. Bu vidolashuv haji boʻlgan. Mana shu ziyorat Makkaning islom dini markazi sifatidagi mavqeini uzil-kesil hal etdi. Oʻshandan buyon oʻtgan barcha asrlar davomida musulmonlar bu shaharni ziyorat qiladi. Haj safaridan 81 kun keyin uzoq davom etmagan kasallikdan soʻng Muhammad alayhissalom paygʻambar Madinada vafot etdi. Muhammad alayhissalom paygʻambarni oʻz hujrasiga dafn qilishgan, maqbarasi keyinchalik u yerda qurilgan katta masjid ichida qolgan, musulmonlarning ziyoratgohiga aylantirilgan.

Muhammad alayhissalom paygʻambarning hayoti va tarjimai holi siyratda, uning soʻzlari va qilgan ishlari haqidagi rivoyatlar hadislarda bayon etilgan. Islom taʼlimotida Muhammad alayhissalom paygʻambar komil inson sifatida taʼriflanadi. Sunnat paygʻambarning hayoti barcha musulmonlar uchun namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlanadi. Islom anʼanasida Muhammad alayhissalom paygʻambar hech qanday gʻayritabiiy, ilohiy xususiyatga ega emasligi, balki hamma kabi oddiy odam, lekin Allohning chin va oxirgi paygʻambari ekanligi qayd etiladi.

Muhammad alayhissalom paygʻambarning shakl-u shamoyillari, siyrat-u sifatlari, insoniy fazilatlari, boshqa paygʻambarlardan farq etadigan xususiyatlari toʻgʻrisida u bilan birga yurgan, suhbatlaridan bahramand boʻlgan sahobalar hamda nikohida boʻlgan ayollari tomonidan naql qilingan rivoyatlar asosida koʻplab asarlar bitilgan. Ulardan Abu Iso Termiziyning „Shamoili nabaviya“, Muhammad Busiriyning „Qasidai burda“, Abu Jaʼfar Barzanjiyning „Mavlidin-Nabiy“, Muhammad ibn Solihning „Muhammadiya“, Mavlono Muʼinning „Siyari sharif“, Akbarobodiyning "Nodirul-meʼroj“, Sayyid Mahmud Taroziyning „Shirin kalom“, „Nurul kalom“, „Nurulbasar“, Alixontoʻra SogʻuniyningTarixi Muhammadiy“ va boshqa koʻplab mualliflarning asarlarini misol qilib keltirish mumkin.

Imom Termiziyning „Shamoili Muhammadiyya“ kitobi ular ichida qadimiyligi va rivoyatlarining sahihligi bilan ajralib turadi. Unda Muhammad alayhissalom paygʻambarning jismoniy va axloqiy xususiyatlariga batafsil taʼrif berilgan. Maslan, ikki kiftlari oʻrtasida „Muhammadun rasululloh“ deya bitilgan muhri nubuvvatlari boʻlgani, soch-soqollarining oqu-qorasi nechta boʻlganidan tortib, kiyim-kechaklari, oyoq kiyimlari, taqqan uzuklari, qilich-qalqonlari, salla-choponlari, yegan va yoqtirgan taomlari, ovqatdan oldin va keyin oʻqigan duolari, suv ichishlari, xushboʻy narsalarni isteʼmol qilishlari, soʻzlashish odoblari, xulq-odoblari, kulish va hazil-mutoyibalari, musiqa va sheʼriyatga munosabatlari, ibodat va riyozatlari, tilovat va munojotlari, yotish-turishlari, tibbiyotga munosabatlari, kundalik tirikchiliklari, nomu laqablari, umrlarining miqdori, xastalik va vafotlari, qoldirgan meroslari va boshqa sifatlari toʻgʻrisida alohida-alohida bob va fasllar orqali bayon etilgan. Jismoniy tuzilishlari toʻgʻrisida jumladan shunday naql qilinadi:

„Ul zotning boʻylari unchalik novcha ham, past ham emas, bosh, qoʻl, oyoq va kiftlari yoʻgʻon, yuzlari qizgʻish, koʻzlari katta, oqi juda oq, qorasi oʻta qora, oʻtkir, sochlari quloqlarining yumshoqlarigacha yopib, yelkalariga tegib-tegmay turar, boʻyinlari sochlari orasidan tovlanib, goʻyo kumush koʻzdek koʻrinib turar, terlasalar, marjondek terlaridan muattar hid taralar, biror kishiga qayrilib qaramoqchi boʻlsalar boshlarinigina burib qaramay, balki butun gavdalari bilan oʻgirilib qarar edilar. Old tomonlarini qanday koʻrsalar, orqa tomonlarini ham shunday koʻrar edilar“.

Remove ads

Manbalar

Adabiyotlar

Havolalar

Loading related searches...

Wikiwand - on

Seamless Wikipedia browsing. On steroids.

Remove ads