From Wikipedia, the free encyclopedia
Abdulloh ibn Tohir (arabcha: عبد الله بن طاهر — Abu-l-Abbos Abdulloh ibn Tohir ibn al-Husayn, 182/798, Xuroson — 230/844, ?) — davlat arbobi va qo‘mondon.
Abbosiylar davlat arbobi va qo‘mondoni bo‘lgan Abdulloh ibn Tohirning bolalik va o‘smirlik yillari Xurosonda o‘tgan. U otasining nazorati ostida yaxshi tarbiya ko‘rgan. Otasi Tohir Horun ar-Rashidning o‘g‘illari Amin va Maʼmun o‘rtasidagi xalifalik talashuvida Ma’mun tarafdori bo‘lgan va bunda asosiy rol o‘ynagan. Abdulloh ibn Tohir ham otasining qo‘li ostida mazkur kurashda ishtirok etadi. U al-Jazirada yuzaga kelgan isyonlarni bostirish maqsadida 815-yil mintaqaga voliy etib saylangan otasining yonida ilk harbiy va boshqaruv amaliyotini o‘taydi. Otasi bu yerdan ketgach, (819-yil, 11-avgust) uning vakili sifatida kurashni davom ettiradi.
Otasi Xurosonga voliy bo‘lgach, Abdulloh ibn Tohir Bag‘dod sohibush-shurtaligiga tayinlanadi. Al-Jazira isyonlari jiddiy tus ola boshlagach, xalifa Maʼmun uni Jazira, Shom va Misrga voliy qilib, isyonni bostirish vazifasini topshiradi (821-yil). Abdulloh ibn Tohir yigirma ming kishilik qo‘shin bilan Raqqaga kelgach, avval isyonchilarga nisbatan yumshoqroq muomala qilib, ularning o‘ziga qarshi birlashishlarining oldini olishga urinadi. Biroq Shimoliy Shom va al-Jazira hududidagi Muzor qabilasi aʼzolarining isyonga qo‘shilishi oqibatida isyon avj olib, salkam to‘rt yil davom etadi. Bunga qarshi Abdulloh ibn Tohir isyonchilarning harbiy bazasiga aylangan qal’alarni zabt etishga kirishadi. Og‘ir kechgan janglardan keyin avval Balis qal’asini zabt etadi. So‘ng isyonchilar rahnamosi Nasr ibn Shabas turgan Qaysum qal’asiga hujum qilib, qal’ani qurshab oladi. Qamal natijasida Nasr omonlik so‘rashga majbur bo‘ladi. Biroq Abdulloh ibn Tohir mintaqadan qaytishi bilan yana qaytadan isyon ko‘taradi. Abdulloh ibn Tohir ortiga qaytib, qal’ani ikkinchi bor qamal ostiga oladi va Nasrni qo‘lga tushirib, Bag‘dodga yuboradi.
Isyon bostirilgach, navbat Misrdagi muammolarni hal qilishga keladi. Amin va Maʼmun orasidagi hokimiyat kurashi Misrdagi qabilalararo davom etib kelayotgan raqobatni kuchaytirgan va bu jarayon qurolli tus olishgacha borgan edi. Aka-uka orasidagi kurashga barham berish bilan bu jarayonni tugatishga harakat qilinayotgan bir paytda, Andalus umaviy hukmdori Hakam I tomonidan 15000 oilaning Misrga surgun qilinishi vaziyatni keskinlashtiradi. Ayni damda Misr voliysi Ubaydulloh ibn Soriy xalifalik markazi bilan aloqani uzib, solig‘ini to‘lamagach, xalifa Abdulloh ibn Tohirga Misrni qaytadan markazga bo‘ysundirish vazifasini topshiradi. 825-yil Misrga yurish qilgan Abdulloh ibn Tohir andalusliklardan Iskandariyani qaytarib oladi. U isyonchilarni mag‘lub etgach, Ubaydulloh omonlik so‘rashga majbur bo‘ladi.
Al-Jazira va Misrdagi isyonlarni bostirishda erishgan muvaffaqiyatlari tufayli Abdulloh ibn Tohir zimmasiga Ozarbayjonda isyon ko‘targan Bobak al-Xurramiy xavfini bartaraf qilish vazifasi yuklatiladi. Buning uchun avval Ozarbayjon va Armanistonga voliy etib tayinlanadi. Abdulloh ibn Tohir Dinavarda Bobak ustiga hujum qilish taraddudida turganida ukasi Talha ibn Tohirning o‘limi sababli o‘rniga Xuroson voliyligiga tayinlanadi (214/829-30-yil). 821-yildan eʼtiboran avval otasining, keyin esa, ukasining boshqaruvida bo‘lgan Xurosonga kelgan Abdulloh ibn Tohir, Raydan tortib Hindistongacha cho‘zilgan hududni erkin hukmdordek boshqara boshlaydi.
834-yil Tolaqonda isyon ko‘targan Alining avlodlaridan Muhammad ibn Qosimni osongina yengadi va uni qo‘lga olib, Bag‘dodga jo‘natadi. Bir necha yildan keyin boshqaruvi Xurosondan turib yuritilgan Tabaristonda yanada jiddiy isyon chiqadi. Buning aybdori qaysidir maʼnoda Abdulloh ibn Tohir bo‘lgan, chunki u Tabaristonda qoriniylar urug‘idan Mozyor ibn Qorin ustidan xalifaga shikoyat qilgach, Mozyor to‘lab turgan solig‘ini to‘xtatgan edi. Mozyorni isyon qilishga undagan sabablardan biri hududdagi tohiriylar hukmronligiga hasad qilgan turk qo‘mondonlaridan Afshin ekani ayrim manbalarda aytib o‘tiladi. Nihoyat xalifa Mu’tasim ham unga qarshi bo‘lgach, Mozyor 839-yil isyon ko‘targan. Biroq u Abdulloh ibn Tohir va xalifa qo‘shini qarshisida mag‘lub bo‘ladi, o‘zi qo‘lga olinib Somarroda qatl qilinadi (840-yil avgust).
Seamless Wikipedia browsing. On steroids.
Every time you click a link to Wikipedia, Wiktionary or Wikiquote in your browser's search results, it will show the modern Wikiwand interface.
Wikiwand extension is a five stars, simple, with minimum permission required to keep your browsing private, safe and transparent.